Rayhon, “Ummon” va G‘aybulla Tursunovning konsert e’lonlarida qonunbuzilishi aniqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Instagram tarmog‘i hamda tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan 27 ta konsert-tomosha tadbirining e’lonlarida ijro shakli haqida ma’lumot berilmaganini fosh etdi.
O‘tkazilgan monitoring davomida mahalliy va xorijiy san’atkorlarning qator dasturlari qonunchilik talablariga zid ravishda targ‘ib qilingani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, “Ummon” guruhi, Rayhon Ganiyeva hamda G‘aybulla Tursunov ishtirokidagi konsertlarning Instagram sahifalaridagi reklamalarida jonli ijro yoki fonogramma haqida ogohlantirish mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, Toxi$, “Mashina vremeni” guruhi va Otar Kushanashvili dasturlarining ko‘cha bannerlari hamda tashqi reklamalarida ham xuddi shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani qayd etilib, tegishli reklama beruvchilarga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 207-son qarori hamda “Reklama to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga binoan har bir konsert e’lonida “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” degan ma’lumot aniq ko‘rsatilishi shart. Bunda tashqi reklama obyektlarida fonogramma darajasi haqidagi axborot umumiy reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi, tadbir tashkilotchilari esa tomosha boshlanishidan avval bu haqda tomoshabinlarga audioxabar orqali ma’lumot berishi talab etiladi.
Raqobat qo‘mitasi barcha konsert tashkilotchilari va reklama tarqatuvchilarni iste’molchilarni chalg‘itmaslikka hamda amaldagi reklama qonunchiligi me’yorlariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Idora kelgusidagi nazorat tadbirlari chog‘ida ushbu talablar bajarilmagani aniqlansa, qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
- #Raqobat qo‘mitasi
- #konsert
- #Rayhon
- #Ummon








