O‘zbekistonda har yili 50 000 nafar yoshga “kasb vaucheri” beriladi

Endilikda respublikada qo‘lida kasbi bo‘lib, xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga “kasb vaucheri”ni berish yo‘lga qo‘yiladi. “Kasb vaucheri” foizsiz ssuda shaklida bo‘lib, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi.
Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etiladi. Shu yilning o‘zida “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” tizimi uchun 120 milliard so‘m ajratiladi. Talab bo‘lsa, ushbu mablag‘ ko‘paytirib boriladi.
Texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki yanada kengaytiriladi. Buning uchun texnikum ochishdagi litsenziya sharti soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti beriladi.







