Germaniyaga ishga borishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Germaniya O‘zbekiston bilan malakali mutaxassislarni tayyorlash va ishga jalb etishning yangi mexanizmini yo‘lga qo‘ymoqda. Tomonlar bu borada hamkorlik memorandumini imzoladi.
Germaniyaning Meklenburg–Old Pomeraniya federal o‘lkasi hukumati O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha yangi tashabbus bilan chiqdi. Bu alohida kompaniyaning ish taklifi emas, balki davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yiladigan tizim hisoblanadi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi va federal o‘lka Iqtisodiyot vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, Germaniyada ishlash istagidagi fuqarolar avvalo nemis tilini o‘rganadi, kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadi hamda Germaniya mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘qitiladi. Shundan so‘ng ular rasmiy tartibda ishga joylashtiriladi.
Hozircha qaysi kasb egalari ishga qabul qilinishi bo‘yicha ro‘yxat e’lon qilinmagan. Dastlab Germaniya tomoni ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarni aniqlaydi, shundan keyin mutaxassislarni tanlash va ishga yuborish mexanizmi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasini tartibli, xavfsiz va malakali kadrlar tayyorlash tizimi asosida tashkil etishga qaratilgani bilan avvalgi ish takliflaridan farq qiladi.







