O'zbekiston AES qurilishida Belarus tajribasini joriy etishi mumkin

O‘zbekiston o‘z hududida atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasini amalga oshirishda Belarus tajribasini joriy etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ma’lum qildi.
“Biz O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishda Belarus tajribasini joriy etishdan manfaatdormiz. Ishonchim komilki, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish va unga hamroh ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish strategik sherikligimizning yana bir istiqbolli yo‘nalishiga aylanadi”, — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk atom elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha yirik loyiha Jizzax viloyatida amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari 2026-yil iyun oyida boshlangan.
Stansiya Rossiyaning Rosatom davlat korporatsiyasi texnologiyalari asosida bunyod etilmoqda. Loyiha VVER-1000 turidagi ikkita yirik quvvatli energoblok hamda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktor qurilmasi bilan jihozlangan oltita kichik energoblokni o‘z ichiga oladi.







