Novosibirskda onasidan tortib olingan ikki oylik o‘zbekistonlik chaqaloq Toshkentga qaytarildi

Mamlakatning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi aralashuvi va tezkor muzokaralaridan so‘ng ona-bola 28-avgust kuni Toshkentga yetib kelgan. Hodisa chaqaloqning onasi Rossiya hududida bo‘lish hamda migratsiya qoidalarini buzgani ortidan kelib chiqqan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan ayoldan go‘dak olinib, vaqtincha Novosibirsk shahridagi “Rassvet” bolalar va o‘smirlar reabilitatsiya markaziga vasiylikka berilgan, ayolning o‘zi esa xorijliklarni saqlash markaziga joylashtirilgan.
Vaziyatdan xabar topgan o‘zbekistonlik diplomatlar zudlik bilan ishga aralashib, Rossiyaning tegishli idoralari hamda reabilitatsiya markazi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Konsulxona xodimlari tomonidan chaqaloq va uning onasining O‘zbekistonga to‘siqsiz qaytishi uchun barcha zaruriy hujjatlar, jumladan, vatanga qaytish sertifikatlari rasmiylashtirib berilgan.
Natijada diplomatlar chaqaloqni bolalar muassasasidan chiqarib olib, aeroportda kutib turgan onasiga topshirgan. Shundan so‘ng ona va bola aviatsiya reysi orqali Toshkentga eson-omon uchib kelgan.







