Netanyaxuni hokimiyatdan ag‘darmoqchi bo‘lgan yangi yahudiy-arab partiyasi tuzildi

Iyun oyida Standing Together harakati vakillari tomonidan tuzilgan ushbu partiya ro‘yxatida yahudiy hamda arablar, shuningdek, ayollar va erkaklar teng nisbatda taqsimlangan. Partiya hamraisi Alon-Li Grin ularning maqsadi mavjud kuchlar ovozini bo‘lish emas, balki siyosatdan ko‘ngli qolgan yoshlarni saylovga jalb etish ekanini ta’kidlamoqda.
Biroq tahlilchilar va arab partiyalari yetakchilari bu tashabbusga shubha bilan qaramoqda. Isroil aholisining 20 foizga yaqinini tashkil etuvchi arablar saylovda yahudiylarga qaraganda ancha sust faollik ko‘rsatadi (2022-yilda arablarning 53,2, yahudiylarning 75 foizi ovoz bergan). Ovozlar bo‘linishi oqibatida yangi partiya 3,25 foizlik minimal to‘siqdan o‘ta olmasligi va natijada arab ozchiligining parlamentdagi o‘rni yanada zaiflashishi taxmin qilinmoqda.
Hozirda 120 o‘rinli Knessetda arab partiyalari bor-yo‘g‘i 10 ta deputatlik o‘rniga ega. Ilgari ular yagona blok bo‘lib saylovga kirganida 15 tagacha mandatni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan edi.






