“Madaniy merosning millati bo‘lmaydi”. Agentlik va Alisher Qodirov o‘rtasida rus rassomining uyi sabab bahs chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovning Toshkent markazidagi Bobur ko‘chasi, 7-uy manzilida joylashgan binoni buzish borasidagi fikrlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputat o‘z chiqishida ushbu binoni “rus rassomining uyi” deb atab, uning milliy madaniyat uchun hech qanday qiymati yo‘qligini va ajratilayotgan byudjet mablag‘lari faqat milliy qadriyatlarni himoya qilishga sarflanishi kerakligini ta’kidlagan.
Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi rasmiy bayonot berib, obyektlarga “bugun bizga kerakmi yoki yo‘qmi?” degan mezon bilan baho berilmasligini bildirdi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 1935-yilda taniqli me’mor Aleksey Shchusev loyihasi bo‘yicha qurilgan ushbu binoda turli yillarda akademik Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin hamda Rahim Atajonov kabi taniqli olimlar yashagan. Bino 2020-yilda ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, hozirda davlat muhofazasida turibdi.
Agentlik o‘z munosabatida madaniy meros masalasini milliy qarama-qarshilik maydoniga olib chiqish jamiyatda ijtimoiy taranglikni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, Toshkent tarixini turli madaniyatlar va me’moriy an’analarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, tarix esa “o‘zimizniki” va “begonaniki”ga bo‘linmaydi.







