Islom Madaminov Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi

Islom Madaminov Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Madaminov 1992-yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika instituti, prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Biznes va boshqaruv oliy maktabini hamda Latviyaning ISMA menejment oliy maktabini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Rishton tumani hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsiya menejeri (boshqarma boshlig‘i) sifatida faoliyat yuritgan.
Madaminov tayinlovga qadar O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimida ishlab kelayotgandi.








