FBR qidiruvida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Gruziyada qo‘lga olindi

Gruziya Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi xodimlari AQSh Davlat departamenti hamda FBR bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor amaliyot davomida O‘zbekiston fuqarosini Tbilisi xalqaro aeroportida qo‘lga oldi. Gumonlanuvchi boshqa bir mamlakatdan Gruziyaga uchib kelgan vaqtida ushlangan.
Amerika huquq-tartibot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxs AQShda maxsus guruh shakllantirib, terrorchilarga moliya va moddiy-texnik yordam ko‘rsatish g‘oyasiga boshchilik qilgan. U tuzgan tarmoq a’zolari Suriyadagi qator terrorchilik guruhlariga, xususan “Islom davlati” tashkilotiga muntazam ravishda mablag‘ hamda resurslar yetkazib berib turgan.
Shuningdek, ushlangan O‘zbekiston fuqarosi turli shaxslarni Suriyadagi jangovar harakatlarda qatnashishga da’vat qilgan hamda ularning u yerga borishini tashkillashtirish bilan shug‘ullangan. Hozirda qo‘lga olingan shaxsga nisbatan AQShga ekstraditsiya qilish jarayoni olib borilmoqda.







