Daniya Grenlandiyada Arktika harbiy bazasini mustahkamlamoqda

Kopengagen va Grenlandiya ma’muriyati AQSh prezidenti Donald Trampning ushbu strategik orolni sotib olish bo‘yicha bergan takliflarini qat’iy rad etgan edi. Shundan so‘ng Daniya rasmiylari Arktika hududini himoya qilish va harbiy infratuzilmani rivojlantirish uchun milliardlab dollar mablag‘ yo‘naltirilishini e’lon qildi.
Yangi tartib bo‘yicha orolga yuborilgan askarlar kengaytirilgan muddatli harbiy xizmat dasturining dastlabki bosqichida ishtirok etmoqda. Xizmatchilar Grenlandiyaning o‘ta og‘ir iqlimi va murakkab relyef sharoitida jangovar harakatlarni olib borish, harbiy topshiriqlarni bajarish hamda omon qolish ko‘nikmalarini egallamoqda.
Harbiylar ayni paytda Daniyaning “Arctic Endurance” harbiy mashg‘ulotlariga jalb etilgan bo‘lib, bu NATOning shimoliy hududlardagi mavjudligini mustahkamlashga qaratilgan “Arctic Sentry” missiyasining bir qismidir. O‘z navbatida, Rossiya tomoni alyansning Arktika mintaqasidagi harbiy faolligi oshishini o‘z xavfsizligiga nisbatan tahdid deb baholamoqda.






