Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi cho‘kib ketdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu fojiali hodisa 2-sentyabr kuni Bo‘stonliq tumaniga qarashli “Birlik” MFY hududida yuz bergan. Bir oilaga mansub uch nafar fuqaro katerda suv ustida sayr qilish davomida cho‘milish qat’iyan taqiqlangan hududda va maxsus qutqaruv nimchalarisiz suvga sakragan hamda qaytib suv betiga chiqolmagan.
Xabar kelib tushgan zahoti FVVning maxsus g‘avvos-qutqaruv guruhlari hamda zaruriy texnik vositalar voqea joyiga zudlik bilan safarbar etildi. Hozirda qidiruv-qutqaruv amaliyoti fojia yuz bergan nuqtadan 2–2,5 kilometr radiusdagi hudud bo‘ylab uzluksiz ravishda olib borilmoqda.
Vazirlik mas’ullarining ta’kidlashicha, suv omborining o‘ta chuqurligi va qidiruv maydonining kengligi g‘avvoslar ishini sezilarli darajada murakkablashtirmoqda. Shunga qaramay, qidiruv amaliyoti FVVning bevosita nazorati ostida jadal davom ettirilmoqda.







