Chilonzorda Qozog‘iston fuqarosining sport sumkasidan 11 kg gashish moyi topildi

Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari hamkorligida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilindiki, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2004-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining sport sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv vaqtida sumka ichida shirinliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan, taxminiy og‘irligi 11 kilogramm bo‘lgan gashish moyi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu narkotik modda Tailanddan olib kelingan bo‘lib, uni Qozog‘iston Respublikasiga yetkazib berish rejalashtirilgan. Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.







