Bloger Aziz Hakimovga nisbatan 4 ta modda bo‘yicha ayblov e’lon qilindi

Bugun, 3-iyul kuni Shayxontohur tuman jinoyat sudida bloger Aziz Hakimov ("Comrade Aziz") ustidan dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda jurnalist Nikita Makarenko ma’lum qildi.
Qayd etildiki, Hakimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining to‘rtta moddasi bo‘yicha — tuhmat, haqorat, urushni targ‘ib qilish hamda millatlararo adovat qo‘zg‘atishda ayblanmoqda. Sud jarayoni yopiq shaklda o‘tkazilayotgani sababli uning tafsilotlari oshkor qilinmadi. Makarenkoning bildirishicha, u mazkur ish bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma bergan. Sud majlisi kelgusi haftada davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sud binosi oldida Aziz Hakimov tarafdorlari deb tanishtirilgan bir guruh odamlar to‘plangani aks etgan rasm tarqaldi. Makarenko iddao qilishicha, ular sud jarayoni ishtirokchilariga nisbatan haqoratli shiorlar aytgan, jumladan, Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jaga nisbatan ham qo‘pol va tahdidli mazmundagi so‘zlarni ishlatgan.
Avvalroq, Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bloger Aziz Hakimov ("Comrade Aziz") bilan sudlashgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hakimovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati shaxsiy haqoratlar bilan cheklanib qolmagan. Qudratxo‘ja Aziz Hakimovning internetdagi chiqishlarida O‘zbekiston suverenitetiga shubha uyg‘otuvchi fikrlar va haqoratli bayonotlar bo‘lganini qayd etib, bunday holatlar qonun doirasida baholanishi lozimligini ta’kidlagandi.







