Andijonda davlat yerini 160 ming dollarga sotgan ayol va Toshkentda 2 ming dollar pora olgan kadastr mulozimi qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahrida pora olgan kadastr xodimini va Andijon viloyatida davlat yerini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan ayolni qo‘lga oldi.
Olib borilgan tezkor tadbirda Toshkent shahar Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzib tashlamaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga ushbu pora talab qilgan. U uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Andijon shahrida yashovchi 42 yoshli ayol xaridorga Andijon tumani Xakan sanoat hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki “E-auksion” orqali yutib olganligini aytgan. Shuningdek, u xaridorga kelgusida kadastr tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 160 ming AQSH dollari talab qilgan.
U tezkor tadbirda oldindan 80 ming AQSH dollari olgan vaqtida dalillar bilan qo‘lga olingan. Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







