Amaldorlar va tashkilot rahbarlari davlat tiliga rioya etish bo‘yicha shaxsan javobgar bo‘ladi

Hukumatning 2026-yil 7-avgustdagi 437-sonli qaroriga muvofiq, respublika va hududiy davlat organlari, hokimliklar hamda xo‘jalik birlashmalaridagi davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyati sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazildi. Endilikda ushbu maslahatchilarni lavozimga tayinlash va ozod etish Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Tizimiy nazoratni ta’minlash maqsadida maslahatchilar zimmasiga me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy lingvistik (tilshunoslik) tahlilidan o‘tkazish hamda idoralardagi tashqi yozuvlar, e’lonlar va reklamalarning imlo hamda til qoidalariga mosligini tekshirib borish yuklatildi. Shuningdek, davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish darajasini aniqlash bo‘yicha tanlov asosida muntazam monitoring o‘tkazib boriladi.
Hujjatdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri – davlat organlari, muassasalar hamda yirik korxonalar birinchi rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yilganidir. Ya’ni, muassasada davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va lotin alifbosidagi imlo qoidalari buzilishi bo‘yicha bevosita tashkilot rahbarlari mas’ul bo‘ladi.







