O‘zbekistonda 95 nafar olimning ilmiy loyihalari uchun 157,2 mlrd so‘m ajratildi

Innovatsion rivojlanish agentligida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat ilmiy dasturlari doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A. Norov ishtirok etdi. U ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning natijalari haqida so‘z yuritdi.
Qayd etildiki, grant asosida moliyalashtiriladigan loyihalar iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, aholi turmush sifatini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, grant loyihalari ilmiy yangiliklar yaratish bilan birga amaliy natija berishi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishi lozimligi bildirildi.
Marosimda so‘zga chiqqan Umumiy va noorganik kimyo instituti vakili, “Olima ayol” tanlovi g‘olibi Dilnoza Jumayeva bugungi kunda olimlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholab, ilm-fanda muvaffaqiyatga erishish uchun doimiy izlanish va akademik halollik muhim omil ekanini ta’kidladi.







