30 yildan oshgan avtomobillar uchun ekologik kompensatsiya bekor qilinmoqda

Ma’lum qilindiki, O‘zbekistonda qariyb 5 million avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, shundan 100 mingga yaqini nosoz. Aynan ular shaharlardagi zararli chiqindilarning 63 foizini chiqaradi.
Yangilanayotgan loyiha majburlash o‘rniga rag‘batlantirish tamoyiliga asoslanadi. Unga ko‘ra, eski avtomobillar mustaqil baholanadi va egalariga bozor qiymatida naqd pul yoki maxsus vaucher beriladi. Vaucherdan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil xarid qilishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, yangi avtomobil narxining qolgan qismini 2 yildan 7 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan. Agar fuqaro vaucherdan foydalanmasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul ko‘rinishida qaytarib olishi mumkin.
Hujjat hali yakuniy tasdiqlanmagan bo‘lib, jamoatchilik va mutaxassislarning takliflari asosida takomillashtirilishi ma'lum qilindi.







