200 dan ortiq dorixonada 1,9 mlrd so‘mlik asossiz daromad aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi 2026-yilning II choragi davomida dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llash holatlari yuzasidan nazorat tadbirlari natijalarini e’lon qildi.
Qo‘mita ma’lum qildiki, huquqbuzarliklar Soliq organlari tizimi orqali aniqlanib, “Fair Tech” yagona axborot tizimiga yuborilgan xabarlar asosida o‘rganilgan.
Tekshiruvlar davomida 237 ta dorixonada, shundan 33 tasi ulgurji va 204 tasi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi dorixonalar ekani ma’lum bo‘ldi. Ularda jami 148 810 ta holatda dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalari oshirib qo‘llangani aniqlangan.
Natijada mazkur dorixonalar tomonidan 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani qayd etildi. Ushbu mablag‘lar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi hamda iste’molchilarning noaniq doiradagi huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Raqobat qo‘mitasi dori vositalari narxlari ustidan nazorat ishlari davom ettirilishini bildirdi. Shuningdek, qonunchilik talablarini buzgan dorixonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi hamda ularning ro‘yxati ochiq e’lon qilib borilishi ma’lum qilindi.







