Sakkiz oyda ipoteka kreditlari hajmi qariyb 5 trillion so‘mga ko‘paydi

Ajratilgan ipoteka mablag‘larining mutlaq ko‘pchilik qismi, ya’ni 74 foizi (13,6 trillion so‘m) birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirildi va undan 43 757 nafar fuqaro foydalandi. Ikkilamchi bozordan uy xarid qilish uchun esa 15 422 nafar xaridorga jami ipoteka hajmining 26 foizi – 4,7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Kredit stavkalari manbalarga qarab turlicha shakllandi: respublika budjeti hisobidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 16,9 foizni, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan 20,7 foizni hamda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi yo‘nalishida 21,6 foizni tashkil etdi. Qarz oluvchilarning 53 foizi erkaklar va 47 foizi ayollar bo‘lib, asosiy ulush – 64 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hisobiga to‘g‘ri keldi.
Hududiy va banklar kesimida olib qaraganda, eng ko‘p ipoteka mablag‘lari Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelib, poytaxtliklarga 5,6 trillion so‘m berildi.
Tijorat banklari orasida esa eng yuqori ko‘rsatkich Xalq banki tomonidan qayd etilib, ushbu moliya muassasasi mijozlarga 2,85 trillion so‘m ipoteka krediti ajratdi.






