O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmati ishga tushirildi

O‘zbekistonda Google Pay xizmati ishga tushirilgani e’lon qilindi. Bu haqda 19-oktabr kuni Samarqandda o‘tkazilayotgan C5+1 formatidagi tadbirlar doirasidagi sessiyada ma’lum qilindi.
Sessiya Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH davlat idoralari vakillari, shuningdek, yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi biznes dastur doirasida o‘tkazildi.
Muhokamada Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, AQSH Savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, shuningdek, Google va boshqa xalqaro texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski mazkur xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.

“Menimcha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish bo‘yicha yetakchilardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay – Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi Krasuski.
O‘zbekistonda 2021-yil shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgandi. Ushbu o‘zgartirishlardan so‘ng hujjatning 27−1-moddasi kompaniyalarga O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari qayta ishlanadigan serverlarni mamlakat hududiga joylashtirish majburiyatini yuklagandi.
Google Pay — bu Google kompaniyasining to‘lov tizimi bo‘lib, u jismoniy bank kartasidan foydalanmasdan, smartfon va aqlli soatlar yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki internet orqali onlayn to‘lov imkoniyatini taqdim etadi.
Natijada foydalanuvchilar ma’lumotlarini qayta ishlovchi serverlari chet elda joylashgan kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi murakkablashdi. Jumladan, Google Pay ham o‘z serverlarini mamlakatda joylashtirmagani uchun O‘zbekistonga kirmadi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 6-noyabr kuni Vashingtonda AQSH kompaniyalari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
“Biz amerikalik hamkorlar bilan birgalikda qonunchilikni yangilash bo‘yicha ishlarni yakunlayapmiz. Bu yangi texnologik sheriklik, jumladan, Apple Pay va Google Pay global to‘lov tizimlarini ishga tushirish, raqamli akademiyalar va startap-xablar tarmog‘ini yaratish imkoniyatlarini yaratadi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng, 2026-yilning 26-mart kuni O‘zbekiston prezidenti “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Hujjat barcha shaxsiy ma’lumotlarni O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash bo‘yicha majburiy talabni bekor qildi – endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlari uchun saqlanib qoldi. Boshqa shaxsiy ma’lumotlar esa qator shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlanishi mumkin bo‘ldi.
Iyul oyida Markaziy bank O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay tizimlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish boshlanganini xabar qilgandi.









