O‘zbekiston AQShning fiskal shaffoflik mezonlariga javob bermaydigan davlatlar ro‘yxatida qoldi

Hisobotda O‘zbekistonning byudjet sohasidagi muayyan ijobiy o‘zgarishlari e’tirof etilgan. Xususan, tasdiqlangan byudjet hujjatlari va yil yakunlari bo‘yicha hisobotlar jamoatchilik uchun ochiqlangani, harbiy va razvedka xarajatlari ustidan fuqarolik nazorati o‘rnatilgani hamda Oliy audit organining mustaqilligi ijobiy baholangan. Shuningdek, Suveren boylik jamg‘armasi faoliyati va konchilik litsenziyalarini berish tartibi huquqiy asosga ega ekani qayd etilgan.
Shunga qaramay, mamlakat fiskal tizimida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda. AQSh rasmiylariga ko‘ra, davlat qarzi va yirik davlat korxonalarining moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar hamon to‘liq emas. Shuningdek, O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga ajratgan suveren kreditlar shartlari, tabiiy resurslardan tushadigan aniq daromadlar va davlat xaridlari shartnomalari ochiq manbalarda yetarlicha aks etmagani ko‘rsatilgan.
Davlat departamenti shaffoflikni oshirish uchun davlat korxonalari moliyasini byudjetda to‘liq ko‘rsatish, qarz majburiyatlarini oshkor qilish va davlat xaridlarini ochiqlashni tavsiya etgan. Vashington tahlilchilari ta’kidlaydiki, ushbu ko‘rsatkich to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsiyani anglatmaydi, balki davlat mablag‘larini boshqarishdagi hisobdorlik darajasini aks ettiradi.






