Guliston va Shirin shaharlari kengaytirilib, 1,75 ming gektar yer shahar tarkibiga o‘tkaziladi

Yangi tartibga muvofiq, Guliston shahri tarkibiga Guliston tumanidan 527,23 gektar hamda Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydoni qo‘shiladi. Shirin shahri hududi esa Boyovut tumanining 638,77 gektar maydoni hisobiga kengayadi. Ushbu o‘zgarishlar hududlardagi aholi zichligini kamaytirish va transport infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Maydonlarning kattalashishi viloyatda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish va yangi sanoat zonalari hamda texnoparklar barpo etish imkonini beradi. Natijada qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Chegaralarni o‘zgartirish va xaritalarni tasdiqlash masalalari avvalroq mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashlarida to‘liq ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullangan.






