Davlat korxonalarining 80% dividendini bittagina soha berdi. XVJ O‘zbekistondagi xavflarni ochiqladi

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) e’lon qilgan yangi hisobotda O‘zbekistondagi davlat ulushi bor subyektlarning moliyaviy ahvoli xavotirli ekani ko‘rsatildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda ro‘yxatdagi 2 148 ta davlat korxonasidan atigi 982 tasi (46 foizi) foyda ko‘rgan. Qolganlari zarar bilan ishlagan, umuman faoliyat yuritmagan yoki hisobotlarini yashirgan.
Eng yomon ko‘rsatkich va moliyaviy yo‘qotishlar elektr energetikasi, suv va uy-joy kommunal sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. XVJ buni aholi tariflari xarajatlarni to‘liq qoplamasligi bilan izohlagan. Shu bilan birga, budjetga tushgan dividendlarning qariyb 80 foizini yagona tarmoq — tog‘-kon sanoati bergan, neft-gaz sohasi ulushi 9,5 foizni, boshqa barcha tarmoqlar esa birgalikda atigi 10,5 foizni tashkil qilgan.
Jamg‘arma ekspertlarining ta’kidlashicha, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va davlat kafolatlari kabi “yumshoq qo‘llab-quvvatlovlar” korxona rahbarlarida samaradorlikni oshirishga bo‘lgan qiziqishni o o‘ldirmoqda. Tahlilchilar davlat ko‘magini bosqichma-bosqich qisqartirish, boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash hamda korxonalarni to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishni tavsiya etmoqda.






