Andijonda yana to‘rt nafar egizak dunyoga keldi

Andijonda bir oilada to‘rt nafar egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilindiki, Andijon tumanida yashovchi Dildoraxon Ahmedova 20-avgust kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyat filialiga yotqizilgan.
Shifokorlar tomonidan muddatidan avval kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan. Tug‘ruqda akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar ishtirok etgan.
Chaqaloqlarning uchtasi qiz, bittasi o‘g‘il. Ularning vazni mos ravishda 1840, 1534, 1584 va 1756 grammni tashkil qilgan. Hozirda ona va to‘rt nafar chaqaloq shifokorlar nazoratida.
Eslatib o‘tamiz, Andijonda iyun oyida ham to‘rt nafar, iyulda esa besh nafar egizak dunyoga kelgandi.
*Illustrativ foto






