Yirik savdo markazlarida kitob do‘konlari ochish majburiy bo‘ladi – Prezident qarori

Qarorga ko‘ra, 2031-yilgacha Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi loyihalarni joylashtirish uchun har bir tumanga ushbu zonalardan yer maydonlari ajratiladi.
Hujjatda poytaxtda kitob savdosi va mutolaa muhitini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan:
Maydoni 5 ming kvadrat metrdan oshadigan savdo markazlarida kitob do‘koni tashkil etish majburiy qilib belgilandi.
“Toshkent kitob tijorat” uyushmasi a’zolariga gavjum ko‘chalar, bozorlar hamda savdo majmualarida yengil konstruksiyali kitob do‘konlari va “Book cafe”lar ochishga ruxsat berildi.
24 soat ishlaydigan sayilgohlarda “kitob ko‘chalari” tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Olmazor tumanidagi Yoshlar markazi binosida startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitishga mo‘ljallangan Yoshlar kreativ parki faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 17 763 ta kutubxona faoliyat yuritayotgani xabar qilingan edi.






