Yilning birinchi yarmida 462 milliard so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingani aniqlandi

O‘zenergoinspeksiya joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining yakuniy hisobotini e’lon qildi. Dastlabki hisob-kitob natijalariga ko‘ra, aniqlangan noqonuniy iste’mol holatlari oqibatida davlat manfaatlariga jami 462,4 milliard so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Talon-toroj qilingan energiya resurslarining tarmoqlar bo‘yicha ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlangan:
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida – 280,5 milliard so‘m;
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida – 181,8 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Hisobot davrida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuzasidan jami 2 831 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, inspeksiya tomonidan neft mahsulotlarining sifati ustidan ham qat’iy nazorat tadbirlari olib borildi. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYOQSH) va tegishli korxonalardan olingan tahlil namunalari laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, 233 ta holatda jami 5 544 tonna neft mahsulotining sifatsiz ekani aniqlandi hamda ularning iste’molchilarga sotilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Shu bilan birga, O‘zenergoinspeksiya tomonidan joriy yilda iste’molchilarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida 6 037 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar taqdim etilgan. Shundan 3 586 ta iste’molchining elektr qurilmalari bevosita texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yakuniy dalolatnomalar rasmiylashtirib berilgan.






