Yakkasaroydagi majburiy ko‘chirish jarayonida janjal chiqdi, bir shaxs 10 sutkaga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanida bir guruh fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro aks etgan video keng tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB izoh berdi.
Ma’lum qilindiki, mojaro uy-joyni majburiy bo‘shatish bilan bog‘liq sud qarorini ijro etish jarayonida sodir bo‘lgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2024-yil 4-noyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor 2-berk ko‘chasida joylashgan 2,75 sotix yer maydoni bo‘yicha MCHJning da’vosi qanoatlantirilgan. Sud qarori bilan javobgar fuqaro va yana 11 nafar shaxsning mazkur mulkka bo‘lgan egalik huquqi tugatilgan hamda ularning foydasiga MCHJ hisobidan 2 mlrd 280 mln 440 ming 563 so‘m miqdorida kompensatsiya undirilishi belgilangan.
Mazkur sud qarori asosida Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Biroq xonadonda ro‘yxatda turgan ayrim fuqarolar to‘langan kompensatsiya miqdoridan norozi bo‘lib, ularga qo‘shimcha 1 mlrd 135 mln 742 ming 100 so‘m to‘lanishi lozimligini bildirgan va xonadonni bo‘shatishdan bosh tortgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 26-mart kuni sud qarorini ijro etish va fuqarolarni majburiy ko‘chirish maqsadida mutasaddi idoralar xonadonga tashrif buyurgan. Ijro harakatlari davomida 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan janjal chiqargan deb topilgan va jamoat tartibini buzgani qayd etilgan.
Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari tomonidan mazkur fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi ("Mayda bezorilik") bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.To‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, ushbu fuqaro 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
(Portal24 mavzuni yoritish davomida faqat rasmiy ma’lumotlarga tayandi)






