Toshkentda parkovkalar uylar hovlisidan olib tashlanishi mumkin

“15 daqiqalik qulay muhit” loyihasi doirasida avtoturargohlar va avtomobil yo‘laklarini turar joylarning ichki hovlilaridan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shaxar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyiha mahallalarda kundalik xizmatlar va ijtimoiy infratuzilmani aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan. Uning asosiy tamoyili bog‘cha, maktab, oilaviy poliklinika, maishiy xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlariga piyoda 15 daqiqada yetib borish imkonini yaratish.
Bunda hovlilarni avtomobillardan bo‘shatish bilan birga, yashil hududlar, sersoya yo‘laklar, sport maydonchalari va aholi uchun uchrashuv joylarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Avtoturargohlar hovlilardan tashqariga chiqarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, taqdim etilgan axborotda ularning yangi joylashuvi, sig‘imi hamda uylar bilan orasidagi masofa aniqlashtirilmagan. Shuningdek, bu o‘zgarish aynan qaysi ko‘p qavatli uylarni qamrab olishi haqida alohida ma’lumot berilmagan.
Loyiha doirasida mahalla ko‘chalariga zamonaviy videokuzatuv tizimlari va favqulodda vaziyatlarda yordam chaqirish uchun SOS tugmalarini o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan. Yangi xiyobonlar va piyodalar yo‘laklari esa keksalar, bolalar hamda yosh bolali oilalar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.








