Toshkent va Ashxobod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar tiklanishi kutilmoqda

O‘zbekiston transport-logistika sohasi mutasaddi va vakillari Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashgan. Muzokaralarda yuk tashuvchilar uchun elektron viza rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, to‘lovlarni optimallashtirish hamda "Farap–Olot" chegara postida navbatlarni kamaytirish masalalari diqqat markazida bo‘lgan.
Shuningdek, tomonlar tez buziladigan yuklar uchun alohida koridor tashkil etish, neytral hududda ikkinchi ko‘prikni barpo etish va Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish takliflarini ko‘rib chiqdi. Turkmaniston vakillari bildirilgan barcha tashabbuslarni o‘z davlat organlariga yetkazish hamda hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirgan.
Ta’kidlash joiz, Toshkent va Ashxobod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni tiklash bo‘yicha harakatlar bir necha yildan buyon davom etmoqda. 2017 va 2021-yillardagi muloqotlardan so‘ng, transport vaziri Ilhom Mahkamov ham poytaxtlar o‘rtasida parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilganini bildirgan edi.







