Tibbiyot xodimlariga ta’lim darajasiga qarab har oylik yangi ustamalar belgilanadi

Sog‘liqni saqlash sohasida kadrlarni tayyorlash va ularni moddiy rag‘batlantirish borasida yangi tartib o‘rnatilmoqda. Unga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan e’tiboran o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlaydigan ikki yillik ta’lim dasturlariga qabul qilish amaliyoti to‘liq to‘xtatiladi. Shu bilan birga, oliy tibbiy hamrohlik yo‘nalishida xorijiy OOTlar bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar va mutaxassislar uchun magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yiladi.
Sohadagi eng muhim o‘zgarishlardan biri shifokor va hamshiralarning maoshiga qo‘shiladigan ustamalardir. 2027-yilning 1-yanvaridan e’tiboran tibbiyot, farmatsevtika hamda pedagog xodimlarning lavozim maoshiga ta’lim darajasiga mutanosib ravishda har oylik ustamalar to‘lab beriladi.
Yangi tizimga ko‘ra, bakalavriat darajasiga ega hamshiralar va tibbiyot og‘alariga MHTEKMning 1 baravari, magistr hamshiralarga 2 baravari miqdorida ustama ajratiladi. Oila tibbiyoti bo‘yicha rezidenturani bitirgan shifokorlar va ushbu yo‘nalishdagi magistr-pedagoglar uchun esa eng yuqori – MHTEKMning 4 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.





