Tabiat injiqliklari davom etmoqda. Anomal issiqdan keyin Toshkent va Farg‘ona vodiysi tog‘larida sel va suv toshqini xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet 21—24-iyul kunlari kutilayotgan kutilayotgan yomg‘irlar sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini xavfi borligini ma’lum qildi.
Toshqin hodisalari Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida yuz berishi mumkin. Shuningdek, xavf Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on; Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq; Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari va Xonobod shahriga taalluqli.
Yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida hududlarni suv bosishi ehtimoli bor. Tog‘li hududlarda yashovchilar, dam oluvchilar hamda haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raladi.






