SSSRni tiklashni targ‘ibot qilgan shaxs 4 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi Aziz Hakimovga nisbatan hukum o‘qidi. U tuhmat, haqorat hamda milliy va etnik adovat qo‘zg‘atishda aybdor deb topildi. Shu bilan birga, unga qo‘yilgan urushni targ‘ib qilish ayblovi bo‘yicha jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlangan.
Hakimov ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston suverenitetiga qarshi bayonotlari bilan tanilgan edi. Sud qarori bilan uning Telegram’dagi “Comrade_Aziz” kanali bloklanadigan bo‘ldi.
Jazoni o‘tash muddati 2025-yil sentyabridan hisoblanadi. Jabrlanuvchi sifatida tan olingan 6 nafar shaxsga esa yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Avvalroq jabrlanuvchilar qatorida jurnalist Nikita Makarenko ham borligi xabar qilingan edi (https://portal24.uz/uz/6/bloger-aziz-hakimovga-nisbatan-4-ta-modda-boyicha-ayblov-elon-qilindi). Qolaversa, o‘tgan 2025-yilning oktyabr oyida Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bloger Aziz Hakimov (“Comrade Aziz”) bilan sudlashgandi (https://t.me/sherzodxonqudratxoja/2388). Uning so‘zlariga ko‘ra, Hakimovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati shaxsiy haqoratlar bilan cheklanib qolmagan. Qudratxo‘ja Aziz Hakimovning internetdagi chiqishlarida O‘zbekiston suverenitetiga shubha uyg‘otuvchi fikrlar va haqoratli bayonotlar bo‘lganini qayd etib, bunday holatlar qonun doirasida baholanishi lozimligini ta’kidlagandi.






