Sirdaryodan yana bir jasad topildi. Qidiruv ishlari davom etmoqda

26-iyul kuni 112 xizmatiga Namangan tumanining Sho‘rqo‘rg‘on mahallasidan oqib o‘tuvchi Sirdaryoga 22 yoshli fuqaro tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng FVB g‘avvoslari zudlik bilan qidiruv-qutqaruv amaliyotini boshlagan.
Ertasiga, 27-iyul kuni g‘avvoslar daryodan fuqarolardan birining jasadini topib, qirg‘oqqa olib chiqishgan. Hozirda taqiqlangan joylarda cho‘kib ketgan yana ikki kishini qidirish ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy mavsumda taqiqlangan hududlarda cho‘milish oqibatida bir nechta fuqaro halok bo‘lgan. Shu munosabat bilan FVB aholini faqat xavfsiz va ruxsat berilgan maskanlarda cho‘milishga, ota-onalarni esa farzandlarini suv bo‘yiga nazoratsiz yubormaslikka chaqirmoqda.






