Qashqadaryoda aholi nomiga kredit olib, ishlatib yuborgan sobiq mahalla raisi va o‘g‘li qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Yangi Xonobod mahallasining sobiq raisi va o'g'li 6 nafar fuqaroning nomiga kredit rasmiylashtirib, ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi. Bu haqda tergov departamenti xabar berdi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda sobiq raisi va uning o‘g‘li MFYga o‘z ishlari bilan kelgan 6 nafar fuqaroning pasport ma’lumotlaridan foydalangan. Shuningdek, fuqarolarning imzolarini soxtalashtirib, onlayn savdo do‘konidan kredit evaziga turli maishiy texnikalar sotib olgan. Olingan texnikalarni naqd pulga sotib yuborib, 187,4 mln so‘mlik kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 168-modda bo‘yicha aybdor deb topilganlarga jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi, shuningdek, 228-modda bo‘yicha jarima yoki 363 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi mumkin.






