Poytaxt osmonida parvozlar xavfsizligi sinovdan o‘tkazilib, Toshkent uzra maxsus laboratoriya samolyoti uchadi

“O‘zaeronavigatsiya” markazi xabar qiladiki, ushbu parvozlar ICAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) hamda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi standartlariga to‘liq mos ravishda tashkil etilmoqda. Tekshiruvdan ko‘zlangan asosiy maqsad aeronavigatsiya radiotexnik vositalarining aniqligi va mosligini tekshirish hamda parvozlar xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Jarayonda “Avia Navigatsiya” kompaniyasining “Diamond” laboratoriya havo kemasidan foydalaniladi.
Ixtisoslashtirilgan parvozlar bir necha kun davom etishi rejalashtirilgan. Sinov jarayonida maxsus samolyot poytaxt hududi ustida taxminan 1000 metr balandlikda turli yo‘nalishlar va manevrlar bilan 6 soatgacha parvoz qilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, havo kemasi bir shaharchilik yoki tuman ustidan bir necha bor qayta uchib o‘tishi mumkin.
Markaz mutasaddilari fuqarolarga murojaat qilib, ushbu jarayon mutlaqo xavfsiz va oldindan rejalashtirilgan amaliyot ekanini, shu sababli aholidan xavotirga tushmaslikni so‘ramoqda.






