O‘zbekistonning qaysi hududida narx-navo eng tez oshayotgani ma’lum bo‘ldi

Markaziy bank aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga tayanib, mamlakatdagi sezilgan inflyatsiya darajasi bo‘yicha iyun oyi ma’lumotlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan oyda aholiga sezilgan yillik inflyatsiya (2025-yil iyundan 2026-yil iyungacha) o‘rtacha 10,2 foiz bo‘lib, may oyiga nisbatan 0,1 foizga pasaygan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori narx o‘sishi Toshkent shahrida kuzatilib, 12,3 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Andijon (12,2 foiz), Farg‘ona (11,1 foiz), Samarqand (10,7 foiz), Surxondaryo (10,4 foiz) va Toshkent (10,4 foiz) viloyatlarida ham inflyatsiya ko‘rsatkichi respublika o‘rtacha darajasidan yuqori bo‘lgan. Eng past ko‘rsatkich esa Xorazm viloyatida (8,5 foiz) qayd etilgan.
Mahsulotlar kesimida iyun oyida ham go‘sht narxi eng yuqori qimmatlashgan tovar sifatida birinchilikni saqlab qoldi. Shuningdek, aholi yonilg‘i, elektr va gaz, guruch hamda shakar narxi ko‘tarilganini ko‘proq qayd etgan.
Inflyatsiya darajasi aholining daromad darajasiga qarab turlicha sezilgan. Eng yuqori narx o‘sishini (13,5 foiz) oyiga 30 million so‘mdan yuqori daromad oluvchilar, eng pastini esa (8 foiz) oyiga 2 million so‘mgacha topadigan toifa his qilgan. Sohaga ko‘ra, maishiy xizmat va transport xodimlari inflyatsiyani eng yuqori (11,6 foiz), talabalar esa eng past (8,8 foiz) darajada sezganini bildirgan.






