O‘zbekistonda yangi quduqlar hisobiga gaz qazib chiqarish va suyultirilgan gaz hajmi oshiriladi

Aholi va sanoat ehtiyojlari ortgani sababli neft-gaz resurslari bilan ichki bozorni uzluksiz ta’minlash va sun’iy narx oshishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ko‘rib chiqildi. “O‘zbekneftgaz” AJga mahsulot qazib chiqarish va yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya qilish topshirildi.
Avgust oyida “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlarida 27 ta yangi quduq ishga tushirilishi evaziga kunlik qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz olinadi. Shuningdek, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish rejalashtirilgan 520 ming tonnadan 606 ming tonnagacha oshiriladi.
Davlat rahbari burg‘ilashdan tortib tarmoqqa ulashgacha bo‘lgan jarayonni kunlik nazorat qilish hamda birja savdolari orqali narxlar barqarorligini saqlash vazifasini qo‘ydi. Sun’iy taqchillik yaratish va resurslarni ushlab turish holatlariga qarshi nazorat kuchaytiriladi. Yil yakuniga qadar 1,1 mln tonna benzin, 983 ming tonna dizel hamda 1,18 mln tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarish mo‘ljallangan.






