O‘zbekistonda turizm startaplariga 1 milliard so‘mgacha davlat subsidiyasi ajratiladi

Yangi tizimga ko‘ra, ajratiladigan davlat ko‘magi loyihani ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab beradi. Arizalarni qabul qilish va xizmat ko‘rsatish Turizm qo‘mitasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari hamda YAIDXP (my.gov.uz) portali orqali amalga oshiriladi.
Kelib tushgan loyihalarni saralash va baholash uchun maxsus komissiya tuziladi. Ariza topshirilgach, talabgor 5 ish kuni ichida suhbatga taklif etiladi va shundan so‘ng komissiya 10 ish kuni davomida startapning belgilangan mezonlarga mosligini atroflicha o‘rganib chiqadi.
Loyihalarni baholashda ularning sayyohlar uchun qanchalik dolzarbligi, sohaga ilgari bo‘lmagan yangicha yechimlar olib kirgani va turistik xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgani asosiy mezon bo‘ladi. Komissiya tomonidan ijobiy qaror qabul qilingach, ajratilgan mablag‘lar 7 ish kuni ichida g‘olib loyiha egasining bank hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.







