O‘zbekistonda OIV infeksiyasi aniqlanganlar soni 52 mingdan oshdi

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan yashovchi 52 ming 269 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan. Bu haqda OITSga qarshi kurashish markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bo‘lgan Portal24.uz muxbiri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 47 ming 277 nafari retrovirusga qarshi terapiya (RKT) bilan qamrab olingan, 37 ming 229 nafarida esa virus yuklamasi bostirilgan ya’ni OIV miqdori juda past darajaga tushgan. Bemorlarning asosiy kontengenti esa18-30 yosh oralig’idagi fuqarolar tashkil etadi.
O‘zbekistonda OIV infeksiyasiga qarshi kurash BMTning “95-95-95” strategiyasi doirasida amalga oshirib boriladi. Strategiyas 2030-yilga qadar OIV epidemiyasiga barham berishga qaratilgan global maqsad hisoblanadi. Unga ko‘ra, OIV bilan yashayotganlarning 95 foizi o‘z kasalligi haqida xabardor bo‘lishi, ularning 95 foizi maxsus davolash bilan qamrab olinishi va davolanayotganlarning 95 foizida virus miqdori qonda aniqlanmaydigan darajaga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Davolanish natijasida virus yuklamasi bostirilgan bemorlar ulushi 73 foizdan 79 foizga yetgan. Tahlillarga ko‘ra, strategiyaning birinchi va ikkinchi bosqichlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar 89 foizga yetgan bo‘lib, BMT belgilagan 95 foizlik maqsadga erishish uchun yana 6 foiz qolmoqda. Uchinchi bosqich ko‘rsatkichi esa bir yil ichida 6 foiz bandga oshgan.






