O‘zbekiston va AQSH “Artemida” bitimlarini imzoladi. Bu qanday kelishuv?

AQSH davlat kotibi (tashqi ishlar vaziri) Marko Rubio 18-oktabr kuni Samarqand shahriga keldi. Shaharda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Marko Rubio uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralardan so‘ng ikki vazir ishtirokida Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilovchi “Artemida” bitimlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Hujjat O‘zbekistonning NASA va boshqa ishtirokchi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”,– dedi Baxtiyor Saidov.
O‘zbekiston “Artemida” kelishuvlarini imzolagan 77-davlat bo‘ldi. Bitimni imzolagan davlatlar qatoridan AQSH, Yaponiya, Hindiston, Turkiya va Fransiya ham joy olgan. Kelishuv nomi AQSHning Oyga inson parvozlarini qayta tiklash uchun tashkil etgan Artemida dasturi bilan bog‘liq.









