Noqonuniy qurilishlarni fosh qiluvchi Telegram-bot ishga tushirildi

Poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlash hamda shaharsozlik me’yorlariga amal qilinishini ta’minlash maqsadida yaratilgan “Noqonuniy qurilish” (@noqonuniy_qurilish_bot) boti orqali fuqarolar huquqbuzarliklar haqida bevosita idoraga murojaat yo‘llashlari mumkin. Tizim orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va noqonuniy obyektlar barpo etilishiga o‘z vaqtida chek qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Aholi ko‘p qavatli uylar atrofi, sport inshootlari, bolalar maydonchalari hamda yashil hududlarda o‘zboshimchalik bilan boshlangan qurilish holatlarini payqaganda, fotosurat va ma’lumotlarni ushbu botga yuborishi so‘ralmoqda.
Bosh prokuratura Toshkentdagi yer maydonlaridan oqilona foydalanish zarurligini eslatib, poytaxtliklarni o‘z mahallasi hamda shahri taqdiriga befarq bo‘lmasdan, jamoatchilik nazoratida faol qatnashishga chaqirdi.





