Navoiy shahar hokimligi obodonlashtirish aks etgan suratlarda sun’iy intellektdan foydalanilgani uchun uzr so‘radi

Navoiy shahar hokimligi Hayot mahallasini obodonlashtirish ishlari doirasida sun’iy intellektdan foydalanilgan fotosuratlarni e’lon qilgani yuzasidan uzr so‘radi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
2-avgust kuni Navoiy shahri Hayot mahallasida obodonlashtirish ishlaridan oldingi va keyingi holati aks etgan suratlarni e’lon qilgan edi. Ularda sun’iy intellektdan foydalanilgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Hokimlikka ko‘ra, mas’ul xodimlar tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan.
“Mahalla hududidagio‘zgarishlarni ko‘rgazmali va sifatliroq formatda taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan hamda ushbu materiallar tegishli tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan” — deyiladi hokimlik xabarida.
Hokimlik ushbu holat va jamoatchilik e’tirozi uchun fuqarolar hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilaridan uzr so‘radi. Materiallarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar ogohlantirildi.
Shuningdek, hokimlik Hayot mahallasida haqiqatda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani haqida ma’lum qildi. Xususan, mahalla hududida yo‘llar ta’mirlanib, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, bolalar maydonchasi barpo etildi va yashil hududlar barpo qilindi.
Hokimlik ochiqlikka tayyor ekanini bildirib, OAV vakillari, blogerlar va jamoatchilik vakillarini Hayot mahallasiga taklif etgan.
Keyinchalik hokimlik axborot xizmat faoliyatida bu kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun nazorat va talab yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgan.





