Milliy bog‘da 4 yoshli qiz suvga cho‘kib vafot etdi

Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hududida joylashgan cho‘milish sohilida 4 yoshli qiz suvga cho‘kib vafot etdi. Bu haqda Bosh Prokuratura matbuot xizmati Portal24’ga ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qizchani 59 yoshli buvisi va opacha bilan birga cho‘milish uchun mazkur hududga olib borgan.
Voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, marhumaning tanasida tashqi tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hodisa yuzasidan tergov-tezkor guruhi, prokuratura hamda Sud-tibbiy ekspertiza byurosi xodimlari tomonidan qizchaning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






