Markaziy osiyoliklar eng ko‘p sayohat qiladigan mamlakat va mintaqaviy turizm yetakchisi aniqlandi

Tashkilotning “Travel & Tourism Economic Impact Research 2026” tadqiqotida keltirilishicha, 2025-yilda mintaqada turizmning YaIMdagi umumiy hissasi 17,7 foizga oshgan. Yillik 26,4 foizlik o‘sish bilan 9,9 milliard dollarni tashkil etgan turizm xizmatlari eksportidan O‘zbekiston 4,8 milliard dollar daromad olgan.
WTTC tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi eng ko‘p tashrif buyuradigan ommabop yo‘nalish deb topildi. Mintaqa bo‘ylab sayohatlarning 25 foizi O‘zbekiston, 23 foizi Qozog‘iston va 18 foizi Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan o‘rinlarni Rossiya (16%) hamda Turkiya (6%) egallagan.
Ekspertlar O‘zbekistonning mintaqaviy turizmda yetakchilik qilishini mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlar uchun yuqori jozibadorligi bilan izohlamoqda.
Avvalroq O‘zbekistonga 2030-yilgacha 20 million turist jalb qilinishi aytilgan edi.






