Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi kengash banklar, mikromoliya tashkilotlari hamda Omonatlarni kafolatlash agentligining islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiradi. Tuzilmaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan Saidjamol Masayitov rais, Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Kengash a’zoligiga Hikmatilla Toshtemirov, Abdullatif Tursunov va texnik ekspert sifatida Axrorjon Sadullayev kiritilgan.
Kengash xalqaro standartlar va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda islomiy moliya qoidalarini ishlab chiqadi, Markaziy bankka sohani tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar beradi hamda qonun loyihalarini tayyorlashda qatnashadi. Shuningdek, u moliya muassasalariga maslahatlar berish bilan birga, AAOIFI yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan ishtirok etadi va har yili bank boshqaruviga hisobot taqdim etadi.






