Interpol qidirayotgan samarqandlik firibgar Polshada ushlanib, Toshkentga olib kelindi

Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi F.V. Polshadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. Eksport operatsiyasi O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi, Polsha Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol Milliy markaziy byurosi hamkorligida amalga oshirildi.
Qayd etiladiki, 1988-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan F.V. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, Interpolning qizil bildirishnomasi asosida qidiruvda bo‘lgan. U O‘zbekiston Interpol xodimlari hamrohligida Varshavadan Toshkentga olib kelingan.
Elchixona vakillarining ma’lum qilishicha, mazkur amaliyot huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik hamda qidiruvdagi shaxslarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning navbatdagi natijasidir.






