Ikki asteroidga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, Xalqaro astronomiya ittifoqining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) 9-iyul kuni bu boradagi qarorni e’lon qildi. Endilikda ushbu osmon jismlari xalqaro astronomik kataloglarda (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan yuritiladi. Har ikki olim ham Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida faoliyat yuritadi.


Dastlab 2001-yilda chex astronomlari tomonidan kashf etilgan birinchi asteroid institut katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamoliddin Ergashev sharafiga nomlandi. U uzoq yillardan buyon asteroidlar fotometriyasi va ularning jismoniy xususiyatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. 1999-yilda kashf etilgan ikkinchi asteroidga esa institut laboratoriya mudiri, fan nomzodi Otabek Burxonovning nomi berildi. Olimning tadqiqotlari o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar va Maydanak rasadxonasidagi kuzatuvlarni qamrab oladi.
Ma’lumot uchun, ushbu ikki olim avvalroq sayyoraviy himoya doirasidagi DART missiyasida ishtirok etgani uchun NASAning maxsus mukofoti bilan taqdirlangan edi. Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha jami 26,4 mingga yaqin kichik sayyora rasmiy nomga ega.






