Gulruhbegim Tohirjonova “Granada Chess Open 2026”da ayollar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekistonlik shaxmatchi, xalqaro sport ustasi Gulruhbegim Tohirjonova Ispaniyaning Granada shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Granada Chess Open 2026” xalqaro turnirida ayollar o‘rtasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Granada Chess Open turniri 28-iyuldan 2-avgustgacha Granada shahrida bo‘lib o‘tdi. To‘qqiz turdan iborat musobaqada dunyoning 48 ta shaxmat federatsiyasidan 353 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Ular orasida 11 nafar grossmeyster va 30 nafar xalqaro master ham qatnashdi.
O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Gulruhbegim Tohirjonova 9 tur yakunlariga ko‘ra 6 ochko jamg‘arib, ayollar o‘rtasida eng yaxshi natijani qayd etdi va turnir g‘olibasiga aylandi.
Shuningdek, musobaqa davomida u xalqaro reytingini 9,1 punktga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur natija o‘zbekistonlik shaxmatchining xalqaro maydondagi navbatdagi muvaffaqiyati bo‘ldi.






