Endi 500 dollargacha valyuta sotib olishda pasport talab etilmaydi

Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi Departament qaroriga muvofiq, tijorat banklarida ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, naqd chet el valyutasini sotib olishda mijozni identifikatsiya qilish chegarasi 100 dollardan 500 dollargacha oshirildi. Endilikda ushbu miqdorgacha bo‘lgan valyuta operatsiyalari uchun pasport yoki ID-karta talab etilmaydi.
Shu bilan birga, bank operatsiyalarini shaffoflashtirish va kuzatish bo‘yicha qo‘shimcha talablar belgilandi. Xususan, endi mijozlar identifikatsiyasi uchun YIDXP yoki “Ijtimoiy karta” ilovasidagi elektron hujjatlardan ham foydalanish mumkin. Kartalardan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar hamda naqd pul yechish zanjirini monitoring qilish tartibi joriy etildi.
Hujjat bilan shubhali va yirik moliyaviy amaliyotlar nazorati ham kuchaytirildi. Bir oy davomida kartadan 500 BHMdan ortiq pul o‘tkazilishi yoki kartaga 1000 BHMdan ortiq mablag‘ kelib tushishi, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar hisobidan ikki kunda 40 BHMdan yuqori operatsiyalar bajarilishi banklarning alohida e’tiboriga tushadi. Bunday holatlarda banklar mablag‘larning kelib chiqish manbasini qo‘shimcha tahlil qiladi.





