Bitiruvchilari 50 foizdan kam ishga joylashgan OTMlarga yangi yo‘nalish ochish taqiqlanadi

Taqdim etilgan hujjat loyihasiga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha OTMlarda karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi shart bo‘ladi. Ushbu bo‘linma talabalarni kasbga yo‘naltirish, amaliyot jarayonlarini muvofiqlashtirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni ta’minlashga mas’ul etib belgilanadi. Markaz xodimlari maxsus dastur bo‘yicha o‘qitilib, sertifikatga ega bo‘lgachgina lavozimga tayinlanadi.
Eng qat’iy cheklovlardan biri bitiruvchilar bandligi bilan bog‘liq: o‘quv yili yakunlariga ko‘ra bitiruvchilarining ishga joylashish ko‘rsatkichi 50 foizdan past bo‘lgan oliygohlarga kelgusi o‘quv yillarida yangi ta’lim dasturlari hamda yo‘nalishlarini joriy etishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, 2028-yildan boshlab faoliyatining ikkinchi yilida ham karyera markazini tashkil etmagan nodavlat OTMlarning litsenziyasi sud orqali bekor qilinadi.
Yangi tizim doirasida talabalar portfoliosi, ish beruvchilar bazasi hamda bitiruvchilar monitoringi yuritiladigan career.edu.uz elektron platformasi ishga tushiriladi. Bandlik vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi axborot tizimlari ushbu platformaga integratsiya qilinib, mehnat bozori ehtiyojlari haqidagi ma’lumotlar OTMlarga real vaqt rejimida taqdim etib boriladi. Hujjat muhokamasi joriy yilning 27-avgustiga qadar davom etadi.






